Kutubxonaga sayohat

Qo‘shko‘pir tumani Axborot-kutubxona markaziga Maktabgacha va maktab ta’limi tuman bo‘linmasiga qarashli №46-son umumiy o’rta ta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchilari kutubxonaga sayohatga kelishdi. Ushbu tashrif o‘quvchilarda kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga yo‘naltirish maqsadida tashkil etildi. Kutubxona xodimlari kichik mehmonlarni samimiy kutib olib, ularga kutubxona haqida batafsil ma’lumot berdilar. O‘quvchilar kutubxonadagi turli bo‘limlar — bolalar adabiyoti, ertaklar, she’rlar va ensiklopediyalar jamlangan fond bilan tanishdilar. Ayniqsa, rang-barang rasmlar bilan bezatilgan kitoblar bolalarda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘quvchilar ham faol qatnashib, o‘zlari sevgan ertak qahramonlari, o‘qigan kitoblari haqida fikrlarini bildirdilar. Savol-javoblar, kichik viktorinalar va qiziqarli topishmoqlar orqali davra suhbati yanada jonlandi.