Qo‘shko‘pir tumanidagi “Az Zamaxshariy” istirohat bog‘ida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan keng ko‘lamli xalq sayllari yuqori kayfiyatda o‘tkazildi. Ushbu bayram tadbiri tumanning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni birlashtirib, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va boy madaniy merosimizni namoyon etishga xizmat qildi.
Sayl doirasida axborot-kutubxona markazi xodimlari ham faol ishtirok etib, “Navro‘z – qadriyatlar va an’analar timsoli” mavzusida mazmunli kitob ko‘rgazmasini tashkil etdilar. Ushbu ko‘rgazmada Navro‘z bayramining kelib chiqishi, uning tarixiy ildizlari, xalqimiz hayotidagi o‘rni hamda milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi adabiyotlar keng o‘rin oldi. Kitobxonlar va yoshlar uchun ma’rifiy suhbatlar o‘tkazilib, ularga Navro‘zning tarbiyaviy ahamiyati, insonlarni ezgulikka, mehr-oqibatga va tabiatga e’tiborli bo‘lishga undovchi jihatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.



